Yuqoriga

Xotin-qizlarni mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid

Admin   11,03-2019 1079

Xotin-qizlarni mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori (PQ-4235, 07.03.2019 y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 maydan:

– ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qo‘llash bo‘yicha taqiqlar bekor qilinadi;

– tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan soha yoki kasblar ro‘yxati tasdiqlanadi;

– bola parvarishlash ta’tilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga qo‘shimcha bir oy nafaqa to‘lanadigan bola parvarishlash ta’tili beriladi;

– ikki yoshga to‘lmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladi;

– ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi;

– erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bog‘liq ishlarning sudlarda ko‘rib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga ko‘ra davlat hisobidan qoplanadi.

Shuningdek qaror bilan, nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega bo‘lgan “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari” tashkil etilishi belgilandi.

Xotin-qizlarning gender kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ko‘magidagi Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiya tuzildi.

Bundan tashqari, “Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar ishlab chiqiladi.

BMTning Statistika komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan minimal gender ko‘rsatkichlar va boshqa ma’lumotlar “Gender.stat.uz” veb-saytiga joylashtiriladi va ma’lumotlar doimiy ravishda yangilanib boriladi.

 

Huquqiy axborot kanalidan olindi.