Yuqoriga

TA’ZIM SIZGA, AYOLLAR!

Admin   07,03-2019 1322

TAZIM SIZGA, AYOLLAR!

 "Ayolni ulug‘lash – oilani, hayotni, Vatanni ulug‘lash demakdir"

 

   Ayollarimiz, xotin-qizlarimiz haqida barcha makon va zamonlarda juda ko‘p va xo‘p yozilgan. Ijod ahli-yu, hukmdorlarga ilhom manbai bo‘lib kelganlar: shoirlarimiz ash’orlar bitishgan, mo‘yqalam sohiblari yangi asarlar yaratishgan, fotihlar ularga-da atab imoratlar barpo etishgan. Oddiy, sodda va samimiy so‘zlar bilan aytganda, ular bizning borligimiz va borlig‘imizdir.

   Ha, ayol. Birlari – onamiz, birlari – opamiz, birlari – singlimiz, birlari – yorimiz, birlari – qizimiz. Yana birlari – ustozimiz, shogirdimiz. Birida mehr, birida sehr, birida oqibat, birida sadoqat mujassam. Darhaqiqat, ayol kishi haqida so‘z ketganda, mehr-la, muhabbat-la gapirmaslikning sira-sira ilojisi yo‘q.

   Ayol kishi uchun er Vatan, deydilar. Vatan sotilmagani, almashtirilmagani, garovga qo‘yilmagani, hadya qilinmagani singari, o‘z navbatida, Vatan ham o‘z ahli fuqarosini yolg‘izlatib, qiynab, e‘tiborsiz tashlab qo‘ymaydi. Hamisha g‘amxo‘rlik, mehribonlik qiladi, parvarishlaydi. Axir, sadoqatli, vafoli, mehr-muhabbatli yor umrimizning mazmuni, hayotimizning eng katta unvoni emasmi?..

    Zulfiyaxonimning o‘z davrida:

                                             Hijron qalbimda, soginch qolimda,

                                             Hayotni kuylayman, chekinar alam,

                                             Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,

                                             Men hayot ekanman, hayotsan sen ham, – deguvchi satrlari bunga dalil emasmi.

   Said Ahmad bobo maroq bilan, mehr bilan "shoiraning feruza olami" deya, Saidaxonim haqidagi bitiklari ham buni to‘ldirmaydimi?

Mart bayramining erta ko‘klamga to‘g‘ri kelganligida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bordek. Olloh o‘zining yaratuvchilikdek buyuk bir qudratiga sababchi qilib aynan ayolni tanlagani bejiz emasdek go‘yo. Ayollardan payg‘ambarlar chiqmagan, ammo payg‘ambarlarni dunyoga keltirganlar – bu onalardir, ayollardir. Hazrat Navoiy onalarga shoh satrlarini bitganlarida qanchalar haq edilar:

                                             Onalarning oyogi ostidadir

                                             Ravzai bogi visolin jinon bogi.

                                             Ravza bogi visolin istar esang

                                             Bo‘l onaning oyogin tufrogi.

   Bundan ortiq ehtirom bo‘lmasa kerak. Ha, Vatan, millatda tanlov bo‘lmagani kabi, aslida, bu dunyoda eng ulug‘ zotlar – ota-onada ham tanlov yo‘q. Onalar, otalar baxtimizga doimo omon bo‘linglar, ilohim, dunyo turguncha turinglar. Hoki poyingiz bo‘laylik, jonimiz nisor Sizlarga. Sizlar sehrgarsiz, sizlar mehribonsiz. Sizlarning duolaringiz ila baxtimiz to‘liq va bo‘liqdir. Biz Sizlar bilan cheksiz faxrlanamiz.

   Butun umrini, borlig‘ini jufti haloliga bag‘ishlagan, butun chehrasi-yu, vujudidan mehr balqib turgan, bizga hamisha-hamro‘z parvona bo‘lguvchi ayollarni tabriklamoqchiman. Sizlarning qarshingizda bosh egamiz. Biz Sizlarsiz hech kimmiz. Borlaringizga shukr.

   Butun mamlakatimizning aziz ayollari – ustozlar, hamkasblar, qizlarimiz, bizlarni toza havo, shinam xonalarda bo‘lishimizda mardonavor xizmat qilayotgan barcha opa-singillarimizni tabriklayman.

   Kim nima desa-desin, shoira kuylaganidek,

                                              Talpinasan astagina va egasan bosh,

                                              Ming yillikdir ko‘zlaringda javdiragan yosh,

                                              Gunohkorlar mingu bitta, senga tegar tosh,

                                              Sen baribir, muqaddassan, muqaddas ayol!

   So‘ng so‘z o‘rnida Sizlarga umrguzaronlik, salomatlik, go‘zallik, yoshlik zavqini sog‘inib, halovat, avlodlar va shogirdlar kamolini ko‘rishni tilab, Sizlardan bir umr minnatdorligimizni, hamisha ta’zimda ekanligimizni aytaman. Shoirona tashbehlardan ko‘ra, oddiy, sodda, samimiy: rahmat, Sizlarga, deyman. Bahor ayyomi, bahor bayramlari muborak bo‘lsin.

"Adolat" huquqiy axborot markazi jamoasi nomidan

Alijon Ochilov