Yuqoriga

Navro‘zi olam muborak bo‘lsin!

Admin   18,03-2019 1225

Aziz yurtdoshlar!

Sizlarni yasharish va yangilanish, mehr-muruvvat, tinchlik va ezgulik ramzi – Navro‘z ayyomi bilan chin qalbdan muborakbod etamiz.

Istiqlol Navro‘z bayramiga yangicha tarovat va joziba baxsh etdi. Azaliy va abadiy bayramimiz – Navro‘z katta tantana bilan muntazam ravishda nishonlana boshlandi. "Barchamiz doimo orziqib kutadigan va katta xursandchilik, shodiyona bilan o‘tkazadigan Navro‘z bayrami biz uchun hayot abadiyligi, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatining, ko‘p ming yillik milliy qiyofamiz, olijanob urf-odatlarimizning betakror ifodasi bo‘lib kelmoqda" desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Binobarin, Navro‘z eng ulug‘ qadriyatlarimizdan biri sifatida bugun qalblarimiz va ongu-shuurimizdan mustahkam o‘rin oldi. U ko‘hna olamning qayta yasharishi va yangilanishining betakror timsoliga, qolaversa, xalqimizning aziz va ezgu bayramlaridan biriga aylandi!

1 martdan yurtimizning barcha go‘shalarida bayram shukuhi kezib yuribdi. Navro‘z kuni qir-adirlarda kurash, ko‘pkari kabi musobaqalarning o‘tkazilishi ushbu ayyomga o‘zgacha mazmun baxsh etadi. Bayramning aynan kun va tun tenglashadigan paytda nishonlanishi ajdodlarimizning nechog‘lik salohiyatga ega bo‘lganidan dalolat beradi.

Navro‘z, eng avvalo, ezgulik elchisi! Bayram arafasida va bayram kunlari yetti yoshdan yetmish yoshgacha barcha bir-biriga mehr-muruvvat ko‘rsatishi, dehqonlarimiz yaxshi niyat bilan yerga urug‘ qadashi, otaxonlarimiz nabiralari, farzandlari bilan ko‘chat ekishi, mahallalarda bog‘ yaratish, obodonlashtirish ishlari avj olishi ham ezgulikka qaratilgan!

Xalqimizda yaxshi bir gap bor: Tinch, ozod va obod yurtga bayramlar yarashadi! El-yurt xizmatida halollik va fidoyilik bilan mehnat qilayotgan Siz aziz yurtdoshlarimiz ham mamlakatimiz taraqqiyoti va farovonligiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdasiz. Bu e’tirofning aynan bayram kunlarida yana bir bor ta’kidlash bizga o‘zgacha mamnuniyat baxshida etadi. Fursatdan foydalanib, Sizlarga omad, kuch-qudrat tilayman! Baxt, tinchlik-totuvlik, qut-baraka xonadoningizni tark etmasin!

Yana bir bor Navro‘zi olam barchangizga muborak bo‘lsin!

 

“Adolat” huquqiy axborot markazi
jamoasi nomidan

Alijon OCHILOV