Yuqoriga

NOSHIRLIK FAOLIYATI TO‘G‘RISIDA

 

1-modda. Noshirlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

O‘zbekiston Respublikasida noshirlik faoliyati sohasidagi munosabatlar ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida noshirlik faoliyati sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.

Basharti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida O‘zbekiston Respublikasining noshirlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

2-modda. Noshirlik faoliyatining erkinligi

Noshirlar o‘z faoliyatlarida, shu jumladan noshirlik yo‘nalishini, mavzularini, ixtisoslashuvini, chiqariladigan mahsulot nusxasini belgilashda, muallifni tanlashda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonun hujjatlari doirasida mustaqildir.

Noshir va buyurtmachi o‘rtasidagi munosabatlar shartnoma asosida tartibga solinadi.

3-modda. Senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi

Nashrga tayyorlangan qo‘lyozmalar va materiallarni senzuradan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

4-modda. Noshirlik faoliyati erkinligini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi

Matbaa mahsulotida konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish, davlat ahamiyatiga molik sirlarni oshkor qilish, urush, zo‘ravonlik va behayolikni targ‘ib qilish, diniy va milliy nifoq solish, inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, tuhmat qilish man etiladi.

Noshirlik faoliyatida monopoliyaga, shuningdek noshirlik faoliyati erkinligidan qonun talablariga zid keladigan maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

5-modda. Noshirlik faoliyati monitoringi va nazorati

Nashriyotlarning (noshirlarning) noshirlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etishlari monitoringi, shuningdek litsenziya talablari va shartlariga rioya etishlari ustidan nazorat vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

6-modda. Noshirlik faoliyatini litsenziyalash

Yuridik va jismoniy shaxslar noshirlik faoliyatini litsenziya olganidan keyin amalga oshirishga haqli.

Noshirlik faoliyatini litsenziyalash qonun xujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

7-modda. Litsenziyalar berishda davlat bojlarining imtiyozli miqdorlari

Bolalar adabiyoti, o‘quv adabiyoti, normativ ma’lumotnomalar, fan va texnikaga oid adabiyotni nashrga tayyorlash va ularni nashr etish uchun litsenziya berganlik uchun davlat bojlarining imtiyozli miqdorlari belgilanishi mumkin.

8-modda. Muassis

Yuridik va jismoniy shaxslar nashriyotlar va matbaa korxonalarining muassislari (hammuassislari) bo‘lishi mumkin.

Muassis (hammuassis) noshirning ixtisoslashuvini belgilaydi va uning ustavini tasdiqlaydi.

9-modda. Noshir

Noshir:

nashriyotga, matbaa korxonasiga, shuningdek matbaa mahsulotlarini tarqatuvchi boshqa korxonalarga muassis (hammuassis) bo‘lish;

mavzular bo‘yicha matbaa mahsulotlari chop etish rejasini mustaqil ravishda tuzish va tasdiqlash;

Vatanimiz mualliflarining asarlaridan chet ellarda va chet ellik mualliflarning asarlaridan O‘zbekiston Respublikasida foydalanish, ularni chop etish va tarqatish to‘g‘risida chet el yuridik va jismoniy shaxslari bilan shartnomalar tuzish va bu ishda vositachilik qilish;

matbaa mahsuloti tayyorlash hamda nashr etish uchun buyurtmalar olish, o‘z mahsulotini realizatsiya qilish;

qonun hujjatlariga muvofiq o‘zga faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega.

10-modda. Matbaa mahsulotlarini tarqatish tartibi

Matbaa mahsulotlarini tarqatish muassis, noshir, matbaachi va muallifning kelishuviga muvofiq yoki shartnoma asoslarida o‘zga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Matbaa mahsulotini tarqatish shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Matbaa mahsuloti noshir yoki uning vakolati bilan ish ko‘ruvchi shaxs ruxsat berganidan keyingina tarqatuvga chiqariladi.

11-modda. Nashrga doir ma’lumotlar

Matbaa mahsulotining nashrga doir ma’lumotlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

12-modda. Mualliflik nashrlari

Yuridik va jismoniy shaxslar o‘z qo‘lyozmalari va boshqa materiallarni qonun hujjatlarida belgilangan talablarga zid kelmaydigan hollarda o‘z mablag‘lari hisobidan chop etish va tarqatishga haqlidir.

13-modda. Imtiyozli nashrlar

Bolalar adabiyoti, o‘quv adabiyoti, fan va texnikaga oid adabiyot, normativ ma’lumotlar, qomusiy qo‘llanma va eksport uchun mo‘ljallangan matbaa mahsulotlari, shuningdek ko‘zi ojizlar va nogironlar uchun mo‘ljallangan nashrlar imtiyozli asosda chop etilishi, qog‘oz va boshqa resurslar, shu jumladan matbaa quvvati bilan ta’minlanishi mumkin.

14-modda. Matbaa mahsulotini olib chiqish va olib kirish

Matbaa mahsulotini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish, xuddi shuningdek O‘zbekiston Respublikasiga chet el matbaa mahsulotini olib kirish va tarqatish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

15-modda. Noshirlik faoliyatini tugatish

Noshirlik faoliyati litsenziya belgilangan tartibda bekor qilinganda yoki uning amal qilishi tugatilganda, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda tugatiladi.

16-modda. Noshirlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun javobgarlik

Noshirlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1996-yil 30-avgust,

274-I-son