"Amir Temur va Fransiya" kitobi rezyumesi

L. Keren, А. Saidov.

"Amir Temur va Fransiya" kitobi  rezyumesi

«Amir Temur va Fransiya» kitobi o‘zbekistonlik huquqshunos olim, professor Akmal Saidov hamda taniqli fransuz sharqshunosi, marhum Lyusen Keren tomonidan yozilgan va 1996-yilda chop etilgan asarning to‘ldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashridir.

Kitob muqaddima, 13 ta bob, xotima va ilovalardan iborat. Asar so‘z boshisida kitobning yozilish sabablari keltirib o‘tilgan. Bundan tashqari, butun dunyoda, ayniqsa, Yevropada Amir Temur va temuriylar tarixiga nisbatan yuksak qiziqish, xususan, ushbu mavzuning olti asrdan buyon Fransiya olimlari va adiblari tilidan tushmay kelayotgani sabablari ochib berilgan.

Bugungi kunda dunyoning ellikdan ortiq mamlakatida temurshunos olimlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Amir Temurga bag‘ishlab yaratilgan jiddiy asarlar soni Yevropa tillarida 900 dan ziyod bo‘lsa, Sharq tillarida mingdan oshdi.

Ushbu kitobning «Istiqlol va Amir Temur»  nomli bobida O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Amir Temur shaxsi yana Vatan va millat timsoliga aylangani haqida so‘z borgan. O‘tgan davrda mamlakatda Amir Temur ordeni ta’sis etildi; Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Amir Temurning ulug‘vor haykallari qad rostladi. Poytaxtda Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Amir Temur xalqaro jamg‘armasi ochildi. Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil topganidan buyon o‘tgan davrda mazkur muzeyga 2 milliondan ortiq ziyoratchi hamda jahonning turli davlatlaridan 800 dan ortiq xorijiy delegatsiya va rasmiy mehmonlar tashrif buyurdi. Ushbu bobda, shuningdek, dunyoda ayni nomda yagona bo‘lgan – «Sohibqiron yulduzi» jurnalining mazmun-mundarijasi tahlil etilgan.

Navbatdagi, «O‘zbek temurshunosligiga ayrim chizgilar»  bobida Amir Temurning davlat boshqaruvi, adolat va huquq to‘g‘risidagi qarashlari, o‘zbek temurshunosligining shakllanishi, bugungi holati va istiqbollari, Amir Temur timsolining Alisher Navoiy ijodidagi talqini, o‘zbek adabiyotida Amir Temur siymosini yaratish borasidagi ijodiy jarayonlar talqin etilgan.

Bu bobda O‘zbekistonda chop etilgan ko‘plab ilmiy asarlar va monografiyalar, risolalar va avtoreferatlar, adabiy-badiiy kitoblarning mazmun-mundarijasi ochib berilgan. Bir qator jurnal va gazetalarda Amir Temur va temuriylar mavzusining yoritilishi masalasiga ilmiy-bibliografik aniqlik bilan yondashilgan.

«Amir Temur siymosi – jahon tarixi ko‘zgusida»  nomli keyingi bobda Amir Temur mavzusining dunyo miqyosida, xususan, Yevropada tadqiq va tahlil etilishiga umumiy tavsif berilgan. G‘arbning yettita yirik davlatidagi 10 ta mashhur muzeyda, xususan, Buyuk Britaniyadagi «Viktoriya va Albert» hamda Britaniya muzeylari (London), Daniyadagi Milliy muzey (Kopengagen), Fransiyadagi Luvr muzeyi (Parij), AQShdagi Metropoliten san’at muzeyi (Nyu-York) va Osiyo san’ati muzeyi (San-Fransisko), Turkiyadagi To‘pqopi saroyi hamda Turk va islom asarlari muzeylari (Istanbul), Rossiyadagi Davlat Ermitaji muzeyi (Sankt-Peterburg), Germaniyadagi Amaliy san’at muzeyida (Berlin) saqlanayotgan Amir Temur va temuriylarga oid bir necha o‘nlab noyob osori atiqa haqida qimmatli ma’lumotlar taqdim etilgan.

Ma’lumki, 1996-yil aprel oyida Amir Temur tavalludining 660 yilligi nafaqat O‘zbekistonda, balki YUNESKO shafeligida butun dunyoda keng nishonlandi. Kitobda 1996-yilda Amir Temur tavalludining 660 yilligi va
1994-yili Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi YUNESKOning Parijdagi qarorgohida yuksak darajada nishonlangani O‘zbekiston bilan ushbu nufuzli xalqaro tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikning yangi asosdagi rivojini boshlab bergani haqida atroflicha fikr yuritilgan.

«Amir Temur diplomatiyasi va Yevropa»  nomli bobda Amir Temur va temuriylar davridagi diplomatik munosabatlar, shuningdek, Sohibqiron diplomatik xatlarining xususiyatlari haqida so‘z boradi.

O‘z navbatida, «Amir Temur va Yevropa madaniyati»  nomli bob –
adabiyotshunoslik, teatrshunoslik, tasviriy san’at, haykaltaroshlik va me’morchilik sohalarida Sohibqiron siymosining yevropalik mualliflar tomonidan o‘ziga xos tasvirlanishiga bag‘ishlangan. Binobarin, taniqli Sharq mualliflari asarlarining tarjimalariga tayanib, G‘arbda, xususan, Yevropada XVI asrdan boshlab Amir Temurga doir salmoqli asarlar paydo bo‘ldi. Bu asarlarning barchasi XVI–XIX asrlarda Yevropa, so‘ng Amerika badiiy madaniyatiga Amir Temur hayoti, faoliyati, falsafiy va siyosiy yo‘rig‘ining keng tarqalishida, Sohibqiron Amir Temur siymosini ijodiy idrok etishda muhim manba bo‘lib xizmat qildi.

Fransuz temurshunoslik maktabi Sohibqiron sulolasi davri tarixi, ilm-fani, madaniyati, adabiyoti va san’atini o‘rganish borasida jahon sharqshunosligida yetakchi o‘rin egallaydi. 1987-yil 22-martda Parijda «Temuriylar davri tarixi va san’atini o‘rganish hamda fransuz-o‘zbek madaniy hamkorligi uyushmasi» tuzilgan va 1989-yilda «Temuriylar» («La Timuride» ) byulleteni ta’sis etilgan.

«Yevropa temurshunoslik maktabi»  bobida, birinchidan, Amir Temur va temuriylar davridagi diplomatik munosabatlar xususida fikr yuritilgan, ikkinchidan, Amir Temur diplomatik xatlari xususiyatlariga to‘xtab o‘tilgan.

«Amir Temur va Fransiya»  nomli bobda Amir Temur va Fransiya Qirolining diplomatik aloqalariga alohida urg‘u berilgan. O‘tgan davr mobaynida Pave de Kurteyl, Volter, Monteske, Deni Didro, Viktor Gyugo, Fransua Peti de la Krua, Silvester de Sasi, Lui-Matyo Langle, Marsel Brion, Lyusen Keren, Vensan Furniyo, Jan-Lui Bake-Grammon, Amin Maaluf, Milena Nokovich kabi fransuz olimlari va adiblarining Amir Temur va temuriylarga doir asarlari haqida so‘z yuritilgan.

Jan Oben, Jan Pol Ru, Lyusen Keren, Fredirik Bopertyui-Bressan, Jan-Lui Bake-Grammon, Terri Zarkon kabi hozirgi zamon fransuz sharqshunoslarining Amir Temur va temuriylar haqidagi asarlaridan namunalar havola etilgan.

Ushbu bobning «Temuriylar Renessansi durdonalari – Luvr muzeyida» nomli faslida Fransiyaning Luvr muzeyida saqlanayotgan Amir Temur va Sohibqiron avlodlari davriga oid ko’plab tarixiy ashyolar haqida qiziqarli ma’lumotlar berilgan. Ana shu nodir osori atiqalarning suratlari taqdim etilgan.

Bundan tashqari, «Yana Amir Temurning oltin haykalchasi haqida» nomli faslda keyingi yillardagi izlanishlar natijasida Amir Temurning oltin haykalchasi bilan bog’liq bir qator yangi ma’lumotlar aniqlangani haqida so’z boradi. Hozirgi kunga qadar ushbu san’at asarining muallifi, yaratilgan vaqti, joyi noma’lum edi va ayni paytda qayerda saqlanayotgani jumboq bo’lib kelmoqda. Bu faslda ana shu savollarga muayyan aniqliklar kiritilgan.

Kitobning alohida, «Fransuz olimlarining Amir Temur va temuriy-larga oid asarlari haqida» nomli bobidan fransuz sharqshunoslari, jumla-dan, mashhur fransuz temurshunos olimi Lui-Matyo Langle haqida muxtasar ma’lumot hamda uning «Temur tuzuklari» tarjima asariga yozilgan Muqaddimasi, Lyusen Kerenning ushbu sohadagi tadqiqotlari shuningdek, «Amir Temur saltanati»  kitobiga Lui Bazen yozgan so‘z boshi o‘rin olgan.

Ushbu kitobning «Temurxonlik muloqotlari» bobi mualliflarning Amir Temur hayot yo‘li haqidagi suhbatidan iborat.

«Lyusen Keren ilmiy-ijodiy faoliyatidan namunalar» bobida fransiyalik taniqli temurshunos olim, professor L. Kerenning ilmiy ijodiga alohida ahamiyat qaratilgan. L. Keren 1996-yilda YUNESKOning Bosh qarorgohida Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlash doirasida tashkil etilgan turli mamlakatlar temurshunoslari ishtirokidagi xalqaro konferensiya hamda «Temuriylar davrida fan, madaniyat va ta’lim taraqqiyoti» haftaligini tayyorlash va o‘tkazishda faol ishtirok etgan taniqli jamoat arbobidir. O‘sha yili L. Keren O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning Farmoniga muvofiq «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.

Kitobning «Lyusen Kerenning Amir Temurga bag‘ishlangan sahna asari» bobida «Buyuk Temur» pyesasi ilk bor e’lon qilinmoqda.

Kitob hammualliflaridan biri Akmal Saidov 1994–1996-yillarda O‘zbekistonning Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi hamda YUNESKOdagi doimiy vakili sifatida faoliyat olib borgani bois har ikki tarixiy tadbirni xalqaro miqyosda yuksak darajada o‘tkazish ishlarida bevosita ishtirok etgan. O‘sha yillarda atoqli fransuz temurshunos olimi professor Lyusen Keren bilan tanishgan. U bilan Amir Temur va temuriylar sulolasi tarixi bo‘yicha hamkorlikda kitob va maqolalar chop etgan.

«Amir Temur va Fransiya» kitobiga Amir Temur va temuriylar davriga oid diplomatik yozishmalarga mansub 9 ta tarixiy xat matni tarjimasi kiritilgan. Shuningdek, fransuz olimlari va yozuvchilarining Amir Temur shaxsi va faoliyatiga doir fikrlari havola etilgan.

Kitobning xotima qismida mualliflar Amir Temur va temuriylarga Fransiyada, umuman Yevropada qiziqishning tub sabablari haqida to‘xtalgan. Shu asnoda fransuzlarning Sohibqiron shaxsi va uning bunyodkorlik faoliyatiga urg‘u berilgan.

Kitob so‘ngida uning muxtasar mazmuni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida, shuningdek, fransuz, ingliz va rus tillarida berilgan.

 

Опубликовано: 24.01.2017
Укилди (марта): 2